Osiyoda yangi megaaeroport quriladi

Janubi-Sharqiy Osiyoda aviatsiya sohasida yirik raqobat boshlandi. Mintaqa davlatlari asosiy aviatsiya markaziga aylanish uchun milliardlab dollarlik yangi aeroportlar qurmoqda. Ular orasida Vetnamda barpo etilayotgan Longtxan aeroporti eng katta va eng qimmat loyihalardan biri sifatida e’tiborni tortmoqda. Longtxan aeroportining qiymati 16 milliard dollarga baholanmoqda. Uning umumiy maydoni 5 ming gektarni tashkil etadi — bu Londonning Xitrou aeroportidan to‘rt baravar katta. Boeing prognozlariga ko‘ra, kelasi 20 yil ichida Janubi-Sharqiy Osiyoda aviayo‘lovchilar oqimi uch baravarga oshadi. Bunda Xitoyda o‘rta sinfning o‘sishi va Hindiston kabi rivojlanayotgan davlatlardan kelayotgan sayyohlar sonining ortishi muhim omil bo‘lmoqda. Hozir mintaqadagi asosiy aviatsiya habi sifatida Singapore Changi Airport aeroporti qaralmoqda. U yiliga taxminan 60 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi va dunyodagi eng yaxshi aeroportlardan biri hisoblanadi. Ammo Singapur ham bu bilan cheklanmayapti — yangi T5 terminali uchun 10 milliard dollar sarmoya kiritilmoqda. Loyiha tugallangach, aeroport quvvati 150 million yo‘lovchigacha yetishi mumkin. Shu bilan birga, Malayziya Kuala-Lumpur aeroportini kengaytirishni, Tailand esa Suvarnabxumi aeroportini modernizatsiya qilishni rejalashtirmoqda. Filippinda esa 14 milliard dollarlik New Manila International aeroporti qurilmoqda. Longtxan nega qurilmoqda? Longtxan aeroporti qurilishining asosiy sabablaridan biri — Tan Son Nhat International Airport Tanshonnyat aeroportining ortiqcha yuklama bilan ishlayotgani. Hozir u yiliga 40 millionga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda. Biroq aeroport Xoshimin shahri ichida joylashgani uchun uni kengaytirish deyarli imkonsiz. Shu bois Vetnam hukumati nafaqat yuklamani kamaytirish, balki mintaqaning asosiy xalqaro aviatsiya markazini yaratishni maqsad qilgan. Longtxan to‘rtta terminal va har biri 4 ming metrlik to‘rtta uchish-qo‘nish yo‘lagidan iborat bo‘ladi. Terminallar Vetnam milliy ramzi hisoblangan lotos guli shaklida quriladi. Qurilish uch bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqich yakunlangach, aeroport yiliga 25 million yo‘lovchi va 1,2 million tonna yuk qabul qila oladi. Barcha bosqichlar tugallangach esa quvvat 100 million yo‘lovchi va 5 million tonna yukka yetadi. Qurilish muammolarsiz kechmayapti Loyiha bir qator muammolarni ham keltirib chiqargan. Eng jiddiy muammolardan biri — qurilish vaqtida havoga ko‘tarilayotgan qizil chang bo‘ldi. Mahalliy aholi nafas olish bilan bog‘liq muammolardan shikoyat qilmoqda. Ayrimlar yo‘tal pandemiya davridan ham kuchliroq bo‘lganini aytgan. Chang qishloq xo‘jaligiga ham zarar yetkazib, o‘simliklarning fotosintez jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shuningdek, lotos shaklidagi murakkab arxitektura qurilish xarajatlarini yanada oshirgan. Egri konstruksiyalar va maxsus metall konstruksiyalar oddiy binolarga qaraganda ancha qimmatga tushmoqda. Shunga qaramay, Vetnamda turizm jadal o‘smoqda. 2025 yil birinchi choragida mamlakatga kelgan xorijiy sayyohlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga oshgan. Mutaxassislar fikricha, Changi aeroporti hali uzoq vaqt mintaqada yetakchi bo‘lib qolishi mumkin. Ammo Longtxan ham kelajakda dunyodagi eng yirik aeroportlardan biriga aylanish imkoniyatiga ega. Manba kun.uz
9-may “Xotira va qadrlash kuni”

Xotira — abadiy, qadr — muqaddas! Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi aziz yurtdoshlarimizni 9-may “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan samimiy qutlaydi! Tinchlik — bebaho neʼmat! Unga erishish yoʻlida bukilmas irodasi va jasorati ila kurashganlar esa haqiqiy qahramonlardir! Ular xotirasi abadiy. Bugungi muhim va ibratli kunda Vatanimiz erki va ozodligi yoʻlida hayotinida qurbon qilishga tayyor boʻlgan yurt qahramonlariga, urush faxriylariga tinch va musaffo osmonimiz va bugunimiz uchun minnatdorlik bildiramiz. Dunyo uzra osoyishtalik hukm surib, har bir inson baxtli yashasin!
Saudiyaning bir kilometrlik minorasi qurilishi 100-qavatga yetdi

Saudiya Arabistonida qurilayotgan Jeddah Tower osmono‘par binosi 100-qavat marrasiga yetdi. Shu tariqa u dunyodagi balandligi bir kilometrga yetadigan ilk bino maqomi sari yana bir muhim qadam tashladi. Loyihani 2028 yilda yakunlash rejalashtirilgan. Qizil dengiz sohili bo‘ylab joylashgan shahar manzarasi tez o‘zgarmoqda: osmono‘par bino rasman muhim bosqichni bosib o‘tib, 100-qavatga yetdi. Manbalarga ko‘ra, ushbu bosqich 2026 yil 14 aprel kuni qayd etilgan. Bu esa dunyodagi birinchi “kilometrlik” bino haqidagi g‘oya endi olis orzu emas, balki muhandislik salohiyati va aniq muvofiqlashtirilgan ishlar asosida amalga oshayotgan voqelikka aylanayotganini ko‘rsatadi.
“Mehnatni muhofaza qilish” haftaligi doirasida press-tur

Xabar qilganimizdek, “Mehnatni muhofaza qilish” haftaligi doirasida Toshkent shahridagi qurilish obyektlarida press-tur davom etdi. Tadbir davomida ishtirokchilarga qurilish maydonida joriy etilgan xavfsizlik tizimlari amalda ko‘rsatib berildi. Xususan, maxsus axborot stendlari orqali mehnatni muhofaza qilish qoidalari, xavfsiz ishlash usullari va kundalik ish jarayonlari namoyish etildi. Shuningdek, ishchilar uchun majburiy bo‘lgan shaxsiy himoya vositalari — kaska, maxsus kiyim, qo‘lqop, himoya ko‘zoynagi va xavfsizlik kamarlaridan foydalanish tartibi amaliy tarzda tushuntirildi. Qurilish maydoniga kirishda ushbu vositalardan foydalanish qat’iy nazorat qilinayotgani alohida ta’kidlandi. Bundan tashqari, balandlikda olib borilayotgan ishlar jarayoni bilan ham tanishtirilib, xavfsizlik kamarlaridan to‘g‘ri foydalanish, ish joyini tashkil etish va texnika xavfsizligi talablariga rioya etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Mazkur press-tur orqali qurilish sohasida xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash, ishchilar hayoti va salomatligini himoya qilish ustuvor vazifa ekanligi yana bir bor namoyon etildi.
Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan anjuman bo‘lib o‘tdi

Avval xabar berganimizdek, bugun poytaxtimizda 29-aprel — Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va idoralar mas’ullari qatori, turli davlatlardan tashrif buyurgan nufuzli tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etishdi. Anjumanda Qurilish va uy- joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Jalol Arashov qatnashib, nutq so‘zladi. Ta’kidlanganidek, qurilish sohasi jadal rivojlanayotgan mamlakatimiz uchun bugungi kunda seysmik xavfsizlik va zilzilabardosh qurilish masalalari juda dolzarb va muhim hisoblanadi. Ushbu sohani tartibga solishda Shaharsozlik kodeksi, «O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida»gi qonun hamda shaharsozlik normalari va qoidalari asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Oxirgi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10 ga yaqin Farmon va qarorlari qabul qilindi. Bu esa davlat rahbarining sohaga qaratayotgan kuchli e’tiboridan dalolatdir. Ushbu hujjatlar bilan seysmologiya, zilzilabardosh qurilish va seysmik xavfsizlik yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar ilmiy-tadqiqotlarni chuqurlashtirish, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish, obyektlarni loyihalashda ekspertiza qilish va ularni qurishda nazorat tizimini takomillashtirishga qaratilgan. Hukumat topshirig‘iga muvofiq 2025-yildan shu kunga qadar 12 mingga yaqin binolarning texnik holati o‘rganib chiqildi va bu jarayon davom etmoqda. Rejaga ko‘ra 2030-yilgacha respublikadagi barcha ko‘p xonadonli turar joy binolarining hamda ko‘p qavatli jamoat binolarining texnik holati baholanadi va pasportlashtiriladi. Qurilish obyektlarini loyihalashda va qurishda murakkablik toifasiga muvofiq loyihachi va qurilish-pudrat tashkiloti tanlanadi. Buning uchun “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida sohaviy tashkilotlar reytingi yuritiladi. Bunda ijtimoiy ahamiyati, murakkabligi va xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarni loyihalash va qurishga reytingi yuqori bo‘lgan tashkilotlarga ruxsat beriladi. O‘tkazilgan muhandislik-geologik tadqiqotlar, instrumental-texnik tekshiruv, ishlab chiqilgan maxsus texnik shartlar hamda ularning natijalariga ko‘ra berilgan xulosalar reyestri raqamlashtirildi. Qurilish jarayonini nazorat qilish to‘rt bosqichda tashkil qilingan, ular qurilish-pudrat tashkilotining ichki nazorati, loyihachining mualliflik nazorati, buyurtmachining texnik nazorati va davlat nazoratidan iborat. Binolarning mustahkamligini ta’minlashga qaratilgan texnik talablar shaharsozlik normalari va qoidalari bilan belgilanadi. Ularning kutubxonasi bepul va ochiq holda vazirlikning rasmiy saytiga joylashtirilgan. Seysmik xavfsizlik talablarini belgilovchi normalar aniq ko‘rsatmalarga asoslangan holda ishlab chiqilgan. Ularga ko‘ra O‘zbekistonda temir beton va metall konstruksiyalarga ustuvorlik berilgan. Shu bilan bir qatorda ushbu normalarda 24 ta eng maqbul konstruktiv tizimli yechimlar keltirilgan. Sohada oxirgi yillarda kuzatilayotgan tendensiyalarni inobatga olib, xalqaro miqyosda to‘plangan tajriba va ilm-fanda erishilgan yutuqlarni joriy qilish maqsadida AQSH, Yevropa ittifoqi va Yaponiya tajribalari doimiy o‘rganib borilmoqda. Anjuman yirik xalqaro ilmiy tashkilotlar rahbarlarining taqdimotlari, ilmiy ma’ruzalari bilan davom etdi.