Janubi-Sharqiy Osiyoda aviatsiya sohasida yirik raqobat boshlandi. Mintaqa davlatlari asosiy aviatsiya markaziga aylanish uchun milliardlab dollarlik yangi aeroportlar qurmoqda. Ular orasida Vetnamda barpo etilayotgan Longtxan aeroporti eng katta va eng qimmat loyihalardan biri sifatida e’tiborni tortmoqda.

Longtxan aeroportining qiymati 16 milliard dollarga baholanmoqda. Uning umumiy maydoni 5 ming gektarni tashkil etadi — bu Londonning Xitrou aeroportidan to‘rt baravar katta.

Boeing prognozlariga ko‘ra, kelasi 20 yil ichida Janubi-Sharqiy Osiyoda aviayo‘lovchilar oqimi uch baravarga oshadi. Bunda Xitoyda o‘rta sinfning o‘sishi va Hindiston kabi rivojlanayotgan davlatlardan kelayotgan sayyohlar sonining ortishi muhim omil bo‘lmoqda.

Hozir mintaqadagi asosiy aviatsiya habi sifatida Singapore Changi Airport aeroporti qaralmoqda. U yiliga taxminan 60 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi va dunyodagi eng yaxshi aeroportlardan biri hisoblanadi. Ammo Singapur ham bu bilan cheklanmayapti — yangi T5 terminali uchun 10 milliard dollar sarmoya kiritilmoqda. Loyiha tugallangach, aeroport quvvati 150 million yo‘lovchigacha yetishi mumkin.

Shu bilan birga, Malayziya Kuala-Lumpur aeroportini kengaytirishni, Tailand esa Suvarnabxumi aeroportini modernizatsiya qilishni rejalashtirmoqda. Filippinda esa 14 milliard dollarlik New Manila International aeroporti qurilmoqda.

Longtxan nega qurilmoqda?

Longtxan aeroporti qurilishining asosiy sabablaridan biri — Tan Son Nhat International Airport Tanshonnyat aeroportining ortiqcha yuklama bilan ishlayotgani.

Hozir u yiliga 40 millionga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda. Biroq aeroport Xoshimin shahri ichida joylashgani uchun uni kengaytirish deyarli imkonsiz. Shu bois Vetnam hukumati nafaqat yuklamani kamaytirish, balki mintaqaning asosiy xalqaro aviatsiya markazini yaratishni maqsad qilgan.

Longtxan to‘rtta terminal va har biri 4 ming metrlik to‘rtta uchish-qo‘nish yo‘lagidan iborat bo‘ladi. Terminallar Vetnam milliy ramzi hisoblangan lotos guli shaklida quriladi.

Qurilish uch bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqich yakunlangach, aeroport yiliga 25 million yo‘lovchi va 1,2 million tonna yuk qabul qila oladi. Barcha bosqichlar tugallangach esa quvvat 100 million yo‘lovchi va 5 million tonna yukka yetadi.

Qurilish muammolarsiz kechmayapti

Loyiha bir qator muammolarni ham keltirib chiqargan. Eng jiddiy muammolardan biri — qurilish vaqtida havoga ko‘tarilayotgan qizil chang bo‘ldi.

Mahalliy aholi nafas olish bilan bog‘liq muammolardan shikoyat qilmoqda. Ayrimlar yo‘tal pandemiya davridan ham kuchliroq bo‘lganini aytgan. Chang qishloq xo‘jaligiga ham zarar yetkazib, o‘simliklarning fotosintez jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Shuningdek, lotos shaklidagi murakkab arxitektura qurilish xarajatlarini yanada oshirgan. Egri konstruksiyalar va maxsus metall konstruksiyalar oddiy binolarga qaraganda ancha qimmatga tushmoqda.

Shunga qaramay, Vetnamda turizm jadal o‘smoqda. 2025 yil birinchi choragida mamlakatga kelgan xorijiy sayyohlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga oshgan.

Mutaxassislar fikricha, Changi aeroporti hali uzoq vaqt mintaqada yetakchi bo‘lib qolishi mumkin. Ammo Longtxan ham kelajakda dunyodagi eng yirik aeroportlardan biriga aylanish imkoniyatiga ega.

Manba kun.uz

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

© 2026 «ICT FOREVER» x/k barcha huquqlar himoyalangan